Yangiliklar
Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti va Teach For Uzbekistan oʻrtasidagi hamkorlik
Eʼlon qilingan sana 28-fevral, 2025

2025-yil 26-fevral kuni Toshkent Xalqaro Vestminster Universitetida (WIUT) Internship Fair-2025 tadbiri boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir universitet talabalari va turli sohalardagi nufuzli tashkilotlar oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatish, yosh mutaxassislarni amaliyot dasturlariga jalb qilish hamda ularga kelajakdagi kasbiy yoʻnalishlarini aniq belgilash imkoniyatini taqdim etdi. Tadbir doirasida talabalar 50 ga yaqin yetakchi kompaniya vakillari bilan muloqot oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Tadbir doirasida Teach For Uzbekistan tashabbusi bilan 1-4-kurs talabalariga boʻsh internship vakansiyalari taqdim etildi. Bu esa ularga nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, oʻz sohalarida tajriba orttirish va kelajakdagi kasbiy yoʻnalishlarini aniqlashda muhim qadam boʻldi.
Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti va Teach For Uzbekistan oʻrtasidagi bu hamkorlik taʼlim sohasini yanada rivojlantirish, yosh mutaxassislarni ragʻbatlantirish hamda ularga amaliy tajriba orttirish uchun muhim maydon yaratish imkonini berdi.
Talabalar turli sohalardagi boʻsh amaliyot oʻrinlari bilan tanishib, oʻz qiziqishlariga mos variantlarni topish imkoniyatiga ega boʻldilar. Ish beruvchilar va talabalar yuzma-yuz suhbat olib borib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Tadbir davomida ishtirokchilar rezyume yozish, suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtish va professional sohada oʻz oʻrnini topish boʻyicha foydali maslahatlar oldilar.