Teach For Uzbekistan

Toshkent farmatsevtika instituti hamda Teach For Uzbekistan hamkorligida «Karyera kuni» boʻlib oʻtdi

Eʼlon qilingan sana 5-mart, 2025

«Karyera kuni»da oq xalatli talabalar varaqalarni oʻqimoqda

Bugungi kunda mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash, ularning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish hamda ish beruvchilar bilan bevosita aloqalar oʻrnatish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda Toshkent farmatsevtika instituti hamda Teach For Uzbekistan nodavlat tashkiloti hamkorligida «Karyera kuni» tadbiri tashkil etildi.

Tadbir institut bitiruvchilari va talabalari uchun kelajakdagi ish faoliyatini yoʻlga qoʻyish, oʻz mutaxassisligi boʻyicha amaliy tajriba orttirish va nufuzli tashkilotlar bilan tanishish imkoniyatini taqdim etdi.

Tadbirni Toshkent farmatsevtika instituti Amaliyot ishlari boʻyicha prorektori Maksudova Feruza Xurshidovna ochib, yosh mutaxassislarning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga tayyorgarlik koʻrish jarayoni haqida toʻxtalib oʻtdi. U mehnat bozorida oʻz oʻrnini topish uchun nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy koʻnikmalar ham muhim ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, Feruza Xurshidovna talabalarni oʻz ustida ishlash, kasbiy rivojlanish va doimiy oʻrganish muhim ekanligiga chorladi. U «Karyera kuni» tadbiri yosh mutaxassislar va ish beruvchilar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyishda samarali platforma ekanligini qayd etdi.

Tadbir davomida yirik ish beruvchi tashkilotlardan biri – Teach For Uzbekistan nodavlat tashkiloti vakili Rahmanova Sagdiana ishtirok etib, tashkilot faoliyati, strategik maqsadlari hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berdi. U oʻz chiqishida Teach For Uzbekistan tashkiloti yosh kadrlarni oʻqitish va rivojlantirishga qaratilgan innovatsion dasturlari bilan ajralib turishini taʼkidlab, farmatsevtika sohasi vakillari uchun mavjud ish oʻrinlari va professional rivojlanish imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi. Talabalarga ushbu tashkilot va uning tarmoq tuzilmalari doirasida mehnat faoliyatini olib borish boʻyicha qimmatli tavsiyalar ham berildi.

«Karyera kuni» doirasida talabalarga oʻzlari qiziqqan ish beruvchi tashkilotlar bilan bevosita uchrashish, ularning faoliyati bilan tanishish va mehnat bozoridagi real talablar haqida maʼlumot olish imkoniyati yaratildi. Tadbir davomida ishtirokchilar ishga qabul jarayonlari va intervyu bosqichlari haqida bilib oldilar. Kasbiy rivojlanish uchun qanday koʻnikmalarga ega boʻlish muhimligi yuzasidan maslahatlar oldilar. Amaliyot dasturlari va ishga joylashish imkoniyatlari haqida toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumotga ega boʻldilar.

Talabalar ish beruvchilar bilan ochiq muloqot olib borish jarayonida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda ish beruvchilar bilan kelgusida hamkorlik qilish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.

«Karyera kuni» yosh mutaxassislar uchun nafaqat yangi ish imkoniyatlari, balki oʻz kasbiy yoʻnalishlarini aniqlash, bozor talablari bilan tanishish hamda ish beruvchilar bilan bogʻlanish imkoniyatini taqdim etdi. Tadbir natijasida koʻplab talabalar oʻzlari uchun istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlab, mehnat faoliyatini boshlash uchun muhim tavsiyalar oldilar.

Ushbu kabi tadbirlar yosh mutaxassislarning kasbiy rivojlanishiga xizmat qiladi va ularning oʻz sohasida muvaffaqiyat qozonishiga turtki beradi. Toshkent farmatsevtika instituti va Teach For Uzbekistan oʻrtasidagi bunday hamkorlik kelajakda ham davom etishi va talabalar uchun yanada koʻproq imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

← Barcha yangiliklar