Teach For Uzbekistan

Teach For Uzbekistan ilk kogortasi ikki yillik dasturni yakunladi

Eʼlon qilingan sana 25-iyun, 2026

Birinchi guruh bitiruvchilari mehmonlar bilan bitiruv tadbirida sahnada

Teach For Uzbekistan ilk kogortasi ikki yillik dasturni yakunladi. Shu munosabat bilan dastur ishtirokchilari, oʻquvchilar, maktab direktorlari, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, hamkorlar hamda tashkilot doʻstlari ishtirokida bitiruv tadbiri boʻlib oʻtdi.

Ikki yil avval birinchi kogorta ishtirokchilari Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Koʻkdala tumanlaridagi maktablarda oʻz faoliyatini boshlagan edi. Dastur davomida ular maktab jamoalarining bir qismiga aylanib, oʻquvchilar bilan ishlash, taʼlim jarayonini tashkil etish va mahalliy hamjamiyat bilan hamkorlik qilish boʻyicha amaliy tajriba orttirdilar.

Bitiruv tadbirida ishtirokchilar ikki yillik faoliyatini sarhisob qilib, oʻz tajribasi va erishgan natijalari bilan oʻrtoqlashdi. Ular ilk darslar va dastlabki qiyinchiliklardan boshlab, oʻquvchilar bilan erishilgan natijalar hamda bu tajriba ularning oʻz professional va yetakchilik salohiyatini qanday rivojlantirgani haqida soʻzlab berdilar.

Tadbirda ushbu ikki yillik yoʻl davomida ishtirokchilar bilan birga boʻlgan oʻquvchilar va maktab rahbarlari, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda dastur hamkorlari ham qatnashdi.

12 nafar ilk bitiruvchining dasturni yakunlashi Teach For Uzbekistan tarixidagi muhim bosqichdir. Ikki yillik dastur nihoyasiga yetgan boʻlsa-da, ularning taʼlim sohasidagi faoliyati davom etadi. Endilikda ular Teach For Uzbekistan bitiruvchilari hamjamiyatining ilk vakillari sifatida toʻplagan tajribasi va bilimlarini taʼlim rivojiga yoʻnaltirishda davom etadi.

← Barcha yangiliklar